Praga shahrida O‘zbekistonning Chexiyadagi elchixonasi tashabbusi bilan qator ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar va iftorlik tadbirlari tashkil etilmoqda. Minglab vatandoshlarimizni qamrab olayotgan xayrli tadbirlar “Ramazon – mehr-muruvvat va hamjihatlik oyi” g‘oyasi asosida o‘tkazilib, xorijdagi yurtdoshlarimizni birlashtirmoqda.
Pragadagi O‘zbekiston talabalari assotsiatsiyasida o‘tkazilgan uchrashuvda yuzdan ortiq vatandoshimiz ishtirok etdi. Suhbat davomida O‘zbekistondan borgan imomlar yoshlarning ta’limga mas’uliyat bilan yondashishi, qonunlarga rioya qilishi, shuningdek, o‘qish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan omillardan ehtiyot bo‘lishi lozimligi haqida ma’ruzalar qilishdi. Shu bilan birga, Chexiya migratsiya qonunchiligi talablariga amal qilish masalalariga alohida urg‘u berildi.
“Turkiston” madaniy markazida ham vatandoshlar bilan muloqot tashkil etildi. Unda yuzlab ishtirokchilar qatnashib, Ramazon oyining mazmun-mohiyati, shaxsiy intizom va mas’uliyat, jamiyatda bag‘rikenglik muhitini mustahkamlash kabi masalalar xususida ma’ruza tinglandi.
Yurtimiz ulamolari, shuningdek, Tesla kompaniyasining Pragadagi qurilish obyektida mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan ham uchrashdi.
“Sulaymon” turk madaniy markazida iftorlik dasturxoni yozildi. Iftorlikdan keyin taroveh namozi ado etildi. Dinning mo‘tadil va an’anaviy qadriyatlarini asrash, turli radikal g‘oyalardan ogoh bo‘lish mavzusida suhbat qilindi.
Har kuni davom etayotgan mazkur xayrli tashabbuslar chet elda tahsil olayotgan yoshlar va mehnat qilayotgan yurtdoshlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va hamkorlik muhitini mustahkamlash, milliy va ma’naviy qadriyatlarni asrab-avaylashga targ‘ib etishi bilan ahamiyatlidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
* * *
“Albatta, Alloh taolo sizlarning shifongizni sizlarga harom bo‘lgan narsada qilgan emas!” (Imom Tabaroniy va Imom Bayhaqiy rivoyati).
* * *
“Kishining og‘ziga tuproq solishi harom luqma solishidan yaxshiroqdir”
(Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyati).
* * *
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Haromdan oziqlangan hech bir jasad jannatga kirmaydi”(Imom Abu A’lo rivoyati).
Duoning qabul bo‘lishi uchun ikkita sabab lozim. Birinchisi, halol luqmadir.
Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlariga kelib, duosi qabul bo‘lmaganidan arz qilganida, u zot: “Ey Sa’d, haromdan uzoq bo‘lgin! Chunki kimning qorniga harom luqma kirsa, uning duosi qirq kungacha ijobat bo‘lmas”, dedilar.
Yahyo ibn Muoz aytadi: “Ibodat Alloh xazinalaridan biridir. Bu xazinaning kaliti esa duodir. Bu kalitning tishlari esa halol kasb va halol luqmadir”.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Ayrim kishilar Allohning moliga nohaq sho‘ng‘iydilar. Qiyomat kunida ularga do‘zax bo‘lur” (Imom Buxoriy rivoyati).
Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallam yana aytganlar: «Bir kishi uzoq safar qiladi, sochi to‘zg‘ib, ust-boshi chang bo‘ladi. Qo‘llarini osmonga cho‘zib: “Ey Rabbim, ey Rabbim”, deydi. Holbuki, yegani harom, ichgani harom, kiygani harom va haromdan oziqlangan. Bas, uning duosi qanday ijobat bo‘lsin?!» (Imom Muslim rivoyati).
Nigora MIRZAYEVA, to‘pladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 9-sonidan